Olamning Qurondagi manzarasi

Revision as of 18:49, 7 March 2021 by IbnPinker (talk | contribs)
(diff) ← Older revision | Latest revision (diff) | Newer revision → (diff)

Ushbu maqolada Quronda olam qanday tushuntirilgani haqida yoritiladi.

Error creating thumbnail: Unable to save thumbnail to destination
Ibrohimiy dinlarning nazdida olamning tuzilishi

Kirish

Fizik olamning Qurondagi manzarasi qadimgi Yaqin Sharq va unga qo'shni mintaqalar - yunon va rumliklarning borliq haqidagi bilim va tushunchalaridan kam bo'lsa kam-ki, ortiq emas. U davrga kelib ayrim madaniyatlar Yer sayyorasi sharsimon ekanligini tushunib yetgan bo'lsa, Quronda «Yer - tekis» deyiladi.

Ba'zi fikrlarga binoan qadimgi diniy manbalarni so'zma-so'z qabul qilish shart emas, ayrim qismlarini ko'chma ma'noda tushunish mumkin. Biroq musulmonlarning aksariyati bunday fikrlamay, Quronni xudoning aynan so'zi, deb ishonishadi. Bu maqolada esa Quronni xudodan kelgan, deb emas, balki Muhammadning so'zlari, deb qabul qilinadi va Muhammadning olam haqidagi tushunchasi ko'rsatiladi.

Quron kosmologiyasi (koinotshunoslik)

Osmonlar va Yer

Quron kosmologiyasi haqida yozishni islomiy olamning nihoyatda kichkina va sodda ekanligini eslatishdan boshlash lozim. Quronga binoan olam atigi ikki qism: yer va kengligi shu Yerga teng osmondan iborat.

Islomda zamonaviy odamlar biladigan boshqa astronomik qamrovlar yo'q. Quronda yulduz tizimlari, galaktikalar, vakuum degan narsalar haqida yozilmagan. Yerning koinotdagi ba'zi boshqa jismlar kabi sayyora, Quyoshning esa boshqa yulduzlar kabi bir yulduz ekani haqida hech nima deyilmaydi. Quron kosmologiyasi asosan qurollanmagan ko'z bilan ko'rinadigan osmon jismlari bilan chegaralangan; qadimgilar ko'ra olmagan jismlarni tasvirlashda esa qattiq yanglishadi.

Yaratilish zamirida «osmonlar va yer» yotishi Quronda takror va takror eslatiladi, bu ikki narsaning «ajratilishi» esa Allohning butun olamni qanday yaratganini ko'rsatish uchun ishlatiladi.

Kofir bo'lgan kimsalar osmonlar ham, yer ham to'siq bo'lganini, bas, Biz ularni ochib yuborganimizni va barcha jonli mavjudotni suvdan qilganimizni ko'rmadilarmi?! Endi ham iymon keltirmaydilarmi?!

Bu ikki joyning favquloddaligiga takroran urg'u beriladi. Bu ikki joydan boshqa joy eslatilmaydi. Quron mualliflari Allohning hamma narsadan boxabarligini bildirish uchun «yeru osmon» iborasini takror va takror ishlatib o'sha davrning ilmsiz sodda odamlarini ishontirishga urinadi va go'yoki butun olam shulardangina iborat ekaniga ishora qilishadi.

Parvardigoro, albatta Sen bizlar yashirgan narsani ham, oshkor qilgan narsani ham bilursan, Alloh uchun yeru osmondagi biron narsa maxfiy emasdir.
aytdi: «Parvardigorim osmonu-zamindagi har bir so'zni bilur. U eshitguvchi, bilguvchidir.
siz Alloh osmon va yerdagi bor narsani bilishini bilmadingizmi?! Albatta, bu Kitobda. Albatta, bu Allohga osondir.
Osmonlar va yerdagi bor narsalar Allohnikidir. Albatta Allohning O'zigina behojat va hamdu sanoga loyiq zotdir.

«Osmonlar va yer» shuningdek ichida butun olamni saqlaydigan «idish» kabi tasvirlanadi. Hamma narsa osmon va yer orasida joylashgan.

Biz osmon va yerni hamda ularning orasidagi narsalarni o'ynab-behuda yaratganimiz yo'q.

Ajablanarli emas-ki, ushbu «osmon va yer orasidagi» fazo yerda turgan odamning (har doim ham to'g'ri emas) nuqtai nazaridan tushuntirilgan. Atrofga qaraganda - Yer tekis ko'rinadi; ufq esa kuzatuvchi tekis disk markazida turganidek taassurot qoldiradi. Tepaga qaralsa, osmon gardishi ufqqa o'rnatilgan qattiq ko'k gumbazdek tuyuladi. Quronda ham aynan shu taassurot tasvirlangan.

Quronda Alloh osmonu yerni yaratayotganida, avval yerdan boshlagani ochiq aytiladi.

Ayting: «Haqiqatan ham sizlar Yerni ikki kunda yaratgan Zotga kofir bo'lurmisizlar va o'zgalarni Unga tenglashtirurmisizlar?! Bu barcha olamlarning Parvardigori-ku?! U zot ustida tog'larni qildi va uni barakotli qildi hamda o'shada uning yemishlarini to'la to'rt kunda belgilab-taqsimladi. So'raguvchilar uchundir. So'ngra tutun holidagi osmonga yuzlanib, unga va Yerga «ixtiyoran yoki majburan kelinglar!» degan edi, ular «O'z ixtiyorimiz bilan keldik», dedilar.

Va

U shunday zotki, siz uchun Yerdagi barcha narsani yaratdi. So'ngra samoga yuzlandi-da, ularni yetti osmon qilib tikladi. U hamma narsani bilguvchidir.

Shunday qilib islomiy olamning asosini ko'rdik. Yer - tekis disk, osmon esa - ustma-ust yetti qattiq gumbaz. Quyida bularni batafsil ko'rib chiqamiz.

Osmonlar va u yerda yashovchilar

Yerdan qaralganda, eng ichki osmon gumbazi tepaga o'rlaydi, Quronda bu osmon aslida asosi yer diski bo'lgan yettita konsentrik gumbazdan iboratligi aytiladi.

U shunday zotki, siz uchun Yerdagi barcha narsani yaratdi. So'ngra samoga yuzlandi-da, ularni yetti osmon qilib tikladi. U hamma narsani bilguvchidir.
Bas ikki kunda yetti osmonni barpo qildi va har bir osmonga ishi-vazifasini vahiy qildi. Biz quyi osmonni chiroqlar-yulduzlar bilan bezadik va saqladik. Bu qudratli va bilguvchi zotning taqdiri - o'lchovidir.

Bu yetti osmon qattiq jismlardir; buni bir necha yo'l bilan ko'rsatish mumkin. Boshlanishiga shuni aytish mumkin: osmonlar himoyalash (tom kabi) va saqlash uchun to'siq sifatida xizmat qiladi.

Bu tomning himoyalovchi ekani bunga o'xshash oyatlarda eslatiladi:

Biz osmonni qulab tushmaydigan tom qilib qo'ydik. Ular esa alomatlardan yuz o'giruvchidirlar.

Ularning qattiq ekanligi esa osmonlarning qulashi va yerda yashovchilarni jarohatlashi mumkinligi bilan tushuntiriladi.

Axir ular oldilaridagi va ortlaridagi narsalarga - osmonu zaminga boqmaydilarmi?! Agar Biz xohlasak, ularni yerga yuttirib yuborurmiz yoki osmonni ustlariga parcha-parcha qilib tushirurmiz. Albatta bunda har bir qaytguvchi banda uchun oyat-ibrat bordir.

Hatto osmonlarga narvon qo'yib chiqish mumkin.

Agar sizga ularning yuz o'girishlari og'ir botib, u holda yerga biron teshik yoki osmonga biron narvon istab, ularga oyat-mo'jiza keltirishga qodir bo'lsangiz. Agar Alloh xohlaganda albatta ularni hidoyat ustida birlashtirgan bo'lur edi-ku! Bas, hargiz johillardan bo'lmang!

Va nihoyat, osmonlar og'ir bo'lib, jismoniy tayanchga ehtiyoj sezadi. Ayrim musulmonlarning iddaolariga qarshi o'laroq, Quron shunday tayanchlar kerakligini tan oladi, biroq ular ko'zga ko'rinmas, deydi.

Alloh osmonlarni sizlar ko'rgudek ustunlarsiz ko'tarib qo'ygan, so'ngra o'z arshini egallab, quyosh va oyni O'z amriga bo'ysundirgan zotdir. Ularning har biri muayyan muddatgacha sayr qilaverar. Barcha ishning tadbirini qilur va sizlar Parvardigoringizga ro'baro' bo'lishga iymon keltirishingiz uchun O'z oyatlarini mufassal bayon qilur.

Mualliflar bu yerda osmonlar qandaydir tayanchga muhtojligi shundoq ham ayon ekanligini qabul qilishmoqda. Lekin ular bu tayanchlarning ko'rinmas ekanligiga urg'u berishyapti, ularning yo'qligiga emas.

Quronda shuningdek eng tashqi osmon chuqurligi bir-biriga qo'shni osmonlar orasidagi masofaga teng dengiz ostida yotishi yoziladi. Allohning "taxti" (arshi) bu suv ustida bo'lgan.

U sizlarning qaysilaringiz yaxshiroq ish-amal qilib yashashingizni sinash uchun olti kunda osmonlar va yerni yaratgan zotdir. Ilgari U zotning arshi suv ustida. Qasamki, agar siz: «Shak-shubhasiz, o'lganingizdan keyin qayta tirilursizlar,» desangiz, albatta kofir bo'lgan kimsalar: «Bu ochiq sehr-jodudan o'zga narsa emas,» deydilar.

Lekin Quronda galaktika, kvazar, klaster yoki vakuum haqida biror gap yo'q. Shunchaki suv, taxt va Allohning o'zi mavjud, xolos.

Har bir osmon haqidagi ma'lumotlarni Muhammadning «tungi sayohati» haqidagi hadislardan (ingl.) topish mumkin. Bu hadislardan qisqacha quyidagilarni keltirish mumkin:

Yetti osmondan har birida ko'p farishtalar va bir necha boshqa jonzotlar yashaydi. Bu osmonlarga qattiq gumbazlarga o'rnatilgan eshiklardan kiriladi, har eshik oldida farishta soqchi turadi, har gumbaz-osmonda payg'ambarlardan biri yashaydi. Masalan, birinchi osmon-gumbazda Muhammad Odam Atoni uchratadi, va (geografiyadan xabari bo'lmagani uchun) Tigris va Yevfrat daryolari manbalarini topadi. Ikkinchi osmon-gumbazda esa Idrisni uchratadi. Xorun to'rtinchi, Ibrohim oltinchi, Muso esa yettinchi osmon-gumbazda topiladi.

Osmon jismlari

Eng yaqin osmon ichida yulduzlar va (aftidan) quyosh va oy joylashgan. Yulduzlarning shu eng yaqin osmon ichidaligi Quronda ochiq-oydin yoziladi.

Darhaqiqat Biz eng yaqin osmonni yulduzlar bilan ziynatladik.
Bas ikki kunda yetti osmonni barpo qildi va har bir osmonga ishi-vazifasini vahiy qildi. Biz quyi osmonni chiroqlar-yulduzlar bilan bezadik va saqladik. Bu qudratli va bilguvchi zotning taqdiri - o'lchovidir.

Yulduzlar aslida kattaligi Quyoshdek yoki undan ham ulkan, hamda uzoqroq jismlar bo'lishi mumkinligi Quron mualliflari nazaridan chetda qolgan.

Quyosh va Oy

Quyosh va oy haqida nisbatan kam ma'lumot beriladi. Joylashuvi haqida faqat ularning yetti osmonda ekanligi aytiladi.

Alloh yetti osmonni qanday ustma-ust qilib yaratganini va oyni ulardagi nur-yorug'lik qilib, quyoshni esa chiroq qilib qo'yganini ko'rmadinglarmi?!

Bu ikki jism (boshqa yulduz va sayyoralar) bilan birgalikda qattiq osmon gumbazlarida chizib qo'yilgan yo'llarida suzib yuradi.

Kecha va kunduzni, quyosh va oyni yaratgan zotdir. Barchasi o'z falak-fazosida suzurlar!
Na quyosh uchun oyga yetish mumkin bo'lur va na kecha kunduzdan o'zguvchidir. Barchalari falakda suzib yurur.

Va kun oxiriga kelib, quyosh (ehtimol oy va yulduzlar ham) yassi yer diskining g'arbiy chekkasidagi suv to'la teshiklardan o'tadi.

To kun botadigan joyga yetgach u bir loyqa buloqqa botayotganini ko'rdi va u oldida bir qavmni uchratdi. Biz: «Ey Zul-qarnayn, yo azobga duchor qilursan, yoki ularga yaxshi muomalada bo'lursan,» dedik.

Yer diski ustida yashovchi odamlar ko'zidan yiroqlashgach, ular to'xtab, tunni qarorgohda o'tkazadi.

Quyosh o'z qarorgohi sari joriy bo'lur. Bu qudratli va bilguvchi zotning taqdiri - o'lchovidir.

Tunda quyosh tongda yana odamlar ko'ziga tushish uchun Allohdan ruxsat so'rashi kerak (Sahih Bukhari 4:54:421 (ingl.)).

Ruxsat olgach, quyosh yer diskining sharqiy chekkasidan chiqadi. Quyosh chiqishi haqida "loyqa buloq" eslatilmaydi, biroq u yerda ham quyosh botadigan joydagi kabi odamlar yashashi eslatiladi. Qarang: Zul-Qarnayn va Quyosh (ingl.).

To kun chiqishga yetib borgach, uning bir qavmi ustiga chiqayotganini ko'rdiki, Biz u uchun quyoshdan biron parda qilmagan edik.

Quyosh yoki Oy tutilishi

Quron tutilish haqida tushunchasi yo'qligini namoyon qiladi. Hadislarda Muhammad butun umri davomida faqat bitta Quyosh tutilishini ko'rganini, bu manzara uni qo'rqitib, taqvosini oshirgani haqida yoziladi. Lekin Quron faqat Oy tutilishi haqida yozadi, u ham qiyomat kuni ro'y berar emish.

Aslida Quron tutilishlarning iloji yo'qligi haqidagi xulosaga olib keladi.

Na quyosh uchun oyga yetish mumkin bo'lur va na kecha kunduzdan o'zguvchidir. Barchalari falakda suzib yurur.

Quyosh tutilishi uchun Quyosh va Oy (Yerdan qaralganda) bir-biriga «yetib olishi» kerak. Biroq tutilish vaqtida oy ko'rinmaganligi sabab, Quron mualliflari bunga e'tibor qaratishmagan.

Biroq qiyomat haqida gap ketganda Quron (aslida Oy va Quyosh Yerning turli tomonlarida turgan vaqtda sodir bo'luvchi) Oy tutilishi Quyosh va Oy «birlashtirilgan» paytda ro'y beradi, deydi.

Balki inson oldinda fisq-fujur qilmoqni istab:
«Qiyomat kuni qachon o'zi?» deb so'rar?!
Bas, ko'z qamashib,
oy ham tutilgan holda
quyosh va oy birlashtirilgan vaqtda
– ana o'sha Kunda u inson «qayerga qochib-qutulish mumkin?» deb qolur!

Quyosh va Oyning «birlashtirilgani» haqidagi oyatlardan nafaqat bu jismlarning bir-biriga «yetib olishi» faqat qiyomat kunida bo'lishi, balki Quron mualliflarining Quyosh va Oy kattaligi bir xil, deb o'ylashganidan ham xabar beradi. Aslida ularning hajmi teng emas, bu ularning Yergacha masofalari har xil ekanligidan kelib chiqqan illuziyadir.

Kecha va kunduz

Quron mualliflari Quyosh va Oy tutilishlarni faqatgina boshdan kechirmay, aslida ularga sababchiligini bilishmaganidek, kecha va kunduz almashinishiga ham Quyosh va Yerning o'z o'qi atrofida aylanishi sababchiligini bilishmagan. Quronda kecha shunchaki kunduzning yo'qligi emas. Kecha va kunduz Alloh yaratgan maxsus mohiyat, vujud bo'lib, ular osmon jismlaridan mustaqil ravishda o'zaro hayot kechiradi.

Kechani kunduzga kiritursan va kunduzni kechaga kiritursan, o'likdan tirikni chiqarursan va tirikdan o'likni chiqarursan hamda istagan kishingga behisob rizq berursan.
Osmonlar va yerning yaralishida hamda kecha va kunduzning almashinib turishida aql egalari uchun oyat-alomatlar borligi shubhasizdir.
U Yerni yoyiq qilib yaratib, unda tog'lar va daryolar paydo qilgan zotdir. U Yerdagi har mevani ikkitadan - juft-juft qilib yaratdi. U kechani kunduz ustiga yoyar. Albatta, buda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat-ibratlar bordir.
Bunga sabab Alloh kechani kunduzga kiritishi va kunduzni esa kechaga kiritishi va shak-shubhasiz Alloh eshitguvchi, ko'rguvchi ekanligidir.

Kunduz va kecha Quyosh, Oy yoki boshqa biror osmon jismidan mustaqil xilqatligi ayon qilinadi. Bir oyatda birga eslatilishiga qaramay, kecha va kunduz Quyoshdan mustaqil ko'rsatilib, bularga aslida Quyosh sababchiligi e'tiborga olinmaydi.

Albatta, Parvardigoringiz - Alloh shunday zotdirki, osmonlar va yerni olti kunda yaratib, so'ngra O'z arshiga o'rnashdi. U kechani kunduzga o'rar shoshilgan holda quvib yurar. U quyosh, oy va yulduzlarni O'z amriga bo'ysundirilgan holda. Ogoh bo'lingizkim, yaratish va buyurish faqat Unikidir. Barcha olamlar Parvardigori - Alloh buyukdir.
U doimo aylanib turuvchi quyosh va oyni ham sizlar uchun bo'yinsundirdi. Yana kecha va kunduzni sizlar uchun bo'yinsundirdi.
Kecha va kunduzni, quyosh va oyni yaratgan zotdir. Barchasi o'z falak-fazosida suzurlar!
Alloh kechani kunduzga kiritishini, kunduzni kechaga kiritishini hamda quyosh va oyning har birini belgilangan muddatga joriy bo'ladigan qilib bo'ysundirib qo'yganini va Alloh shak-shubhasiz qilayotgan amallaringizdan ogoh ekanini ko'rmadingmizmi?!
U osmonlar va yerni haq bilan yaratgandir. U kechani kunduzning ustiga o'rar, kunduzni kechaning ustiga o'rar. U quyoshni ham, oyni ham bo'ysundirib qo'ygandir. har biri ma'lum muddatgacha joriy bo'lur. Ogoh bo'lingizkim, U qudratli va benihoya mag'firatli zotdir.

Shunday qilib Quyosh kunduz va kechaga sababchi emas ekan, uning ikki asosiy osmon chirog'idan biri bo'lishidan boshqa yana qanday vazifasi bor?

Ma'lum bo'lishicha, bu jismlarning vazifasi vaqt va taqvimni belgilash ekan.

tongni chiqarguvchidir. U kechani sukunat - orom qilib qo'ydi, quyosh va oyni esa hisob o'lchovi qildi. Bu qudratli va bilguvchi zotning o'lchovidir.
U quyoshni ziyo sochguvchi, oyni yorug'lik qilgan va sizlar yillarning sanog'ini hamda hisobini bilishlaringiz uchun uni manzil-burjlarga bo'lib qo'ygan zotdir. Hech shak-shubhasiz, Alloh bu haq bilan yaratdi. U zot biladigan qavm uchun O'z oyatlarini mufassal bayon qilur.

Yulduzlar, sayyoralar va meteorlar

Quron tarjimalaridan uning mualliflari yulduz va sayyoralarni bir-biridan farqlay olgani yoki olmagani aniq emas, chunki bir so'z ham unday, ham bunday tarjima qilingan. Lekin qadimda odamlar sayyoralarni yulduzlardan farqlashganini (sayyoralar harakati sezilarli) nazarda tutib, ilk musulmonlar ham ularning farqiga borishgan, deb taxmin qilamiz.

Biroq yulduzlarning yaqin joylashgan kichkina jismlar ekani haqidagi xato ishonch nafaqat ularning eng ichki gumbazda joylashgani haqidagi tasavvurda namoyon bo'ladi. Boshqa qadimgi odamlar kabi, Quron mualliflari ham meteorlarni «qulayotgan yulduzlar» deb o'ylashgan. Ustiga ustak, arablarning harbiy fikrlashiga binoan, ular maqsadsiz qulamaydi. Ularning shayton va jinlarga qarshi qurol ekanligi aytiladi.

Darhaqiqat Biz eng yaqin osmonni chiroqlar bilan bezadik va ularni shaytonlarga otiladigan toshlar qilib qo'ydik. Biz ular uchun olov-do'zax azobini ham tayyorlab qo'ygandirmiz.

Bu osmonlarni himoyalash vositasi ekan.

Albatta bizlar osmonga taqilgan edik, uning kuchli qo'riqchilar va yulduzlar bilan to'la ekanligini ko'rdik.

Yer va unda yashovchilar

Quron mualliflari Yer tabiatini tasvirlashga osmonlarga ajratilganidan kamroq diqqat qaratishgan, chunki Yer tabiati unda yashovchi odamlar uchun nisbatan ayonroq edi. Biroq berilgan izohlar bizni rad etilmas xulosalarga olib keladi.

Birinchi va muhim xulosa Yerning yassiligidir. Quron mualliflari «yoyiq» ma'nosini berish uchun arablar «gilam» to'shashni bildiradigan so'zni qo'llashadi.

Yerni esa yoyiq - keng qildik va unda tog'larni o'rnatib qo'ydik hamda unda moslangan turli-tuman narsalarni undirib-o'stirdik.
U zot yerni sizlar uchun beshik - qarorgoh qilib qo'ydi va unda yo'llar paydo qildi hamda osmondan suv yog'dirdi. Bas, Biz u yordamida turli nabotot navlarini undirib chiqardik.
O'sha zot sizlar uchun yerni beshik-qarorgoh qilib qo'ydi va yo'l topishlaringiz uchun unda yo'llarni qildi.
Yerni esa yoyiq - keng qildik va unda tog'larni o'rnatib qo'ydik hamda unda har turli go'zal juftlarni undirib-o'stirdik.
Yerni esa yoyiq-keng qilib qo'ydik. Bas, naqadar yaxshi yoyguvchidirmiz.

Bundan tashqari Quronda agar manzarani to'suvchi tog'lar bo'lmaganida, Yerning tekisligi naqadar ayon bo'lishiga urg'u beriladi.

Biz tog'larni yurgizadigan va siz Yerni ochiq-yalang'och ko'radigan Kunni! U Biz ulardan birontasini qo'ymay yig'dik.

Yana gilamni surib yoki bukib yubormaslik uchun qoziq qoqilganidek, Yerga tog'lar qoziq qilib qoqilgani yoziladi.

U zot Yer sizlarni tebratmasligi uchun unda tog'larni barpo qildi, daryolarni va adashmasliklaringiz uchun yo'llarni paydo qildi.
Biz yerni bir to'shak, tog'larni esa qoziqlar qilib qo'ymadikmi?!

Islom kosmologiyasining noaniq tomoni Quronning yetti osmon kabi yetti yer ham borligini hech qanday izohsiz eslatishidir:

Alloh yetti osmonni va yerdan ham o'shalarni mislini yaratgan zotdir. amri farmoni ularning o'rtasiga nozil bo'lib-tarqalib turur. Toki sizlar Allohning barcha narsaga qodir ekanligini va Alloh barcha narsani bilimi bilan ihota qilib olganini bilishlaringiz uchun.

Osmonlarning yetti konsentrik gumbazi umuman olganda sodda bo'lsa, yetti yerni tasavvur qilish qiyinroqdir. Quronda bu haqida «samodan tushadigan» va «unga kötariladigan» narsalar bo'lganidek, «yerga kiradigan» va «undan chiqadigan» narsalar borligi bilan shunday ishora qilinadi.

U osmonlar va yerni olti kunda yaratib, so'ngra O'z arshiga o'rnashgan zotdir. U yerga kiradigan narsalarni ham, undan chiqadigan narsalarni ham, samodan tushadigan narsalarni ham, unga ko'tariladigan narsalarni ham bilur. Sizlar qayerda bo'lsangizlar, U sizlar bilan birgadir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko'rib turguvchidir.

Bu yetti yer tangalar taxlami kabi bir-birining ustiga taxlangani xulosasiga olib keladi. Bu xulosa yana bir kosmologik boshqotirmani yechishga yordam qiladi.

Jannat va do'zax qayerda?

Islom kosmologiyasi jannat va do'zax borasida nasriy bo'lib, ularni osmonlar va yerdan iborat koinot ichiga soladi. Muhammadning «tungi sayohati» yetti osmonning har birida o'tib ketgan va jannatda yashayotgan payg'ambarlar bilan ishg'ol ekanligini ko'rsatadi. Bu Quronda berilgan jannat hajmiga mos keladi.

Parvardigoringiz tomonidan bo'ladigan mag'firatga hamda Alloh va Uning payg'ambarlariga iymon keltirgan zotlar uchun tayyorlab qo'yilgan, kengligi osmon va yerning kengligi kabi bo'lgan jannatga shoshilingiz! Bu Allohning fazlu marhamati bo'lib, uni O'zi xoxlagan kishilarga ato etur. Alloh ulug' fazlu marhamat sohibidir.

Agar osmonlarda (jumladan yettinchi va eng kattasida ham) jannatda yashovchilar istiqomat qilsa, jannat kengligi osmonlar va yer kengligi bilan bir xildir.

Va agar jannat birinchi osmon tepasida ekanligidan, do'zaxning birinchi yer ostida ekanligi, yetti yer orasidagi fazoni to'ldirib turishi kelib chiqadi. Bu do'zaxning butunlay yopiq joy qilib tasvirlanishiga mos keladi.

Ular uchun jahannamdan to'shak, ustlaridan esa choyshablar bo'lur. Zolimlarni mana shunday jazolagaymiz.
Ularning orasida: «Menga izn bergin, meni fitnaga solmagin,» deydigan kimsalar ham bordir. Ogoh bo'lingizkim, ular fitnaning o'ziga tushdilar. Shak-shubha yo'qki, jahannam kofirlarii o'rab olguvchidir.

Do'zax zindon sifatida tasvirlanadi.

shoyad Parvardigorlaringiz sizlarga rahm qilsa. Agar qaytsangizlar, biz ham qayturmiz. Biz kofirlar uchun jahannamni zindon qilib qo'yganmiz.

Quronning Yusufali va Shakir tarjimalarida kuzatuvchi do'zaxda yashovchilarni ko'rishi uchun «pastga qarashi» kerakligi aytiladi (Quran 37:55 (ingl.)).

Shunday qilib islomiy olamni o'rgandik.

Xulosa

Quron ilmiy kitob emas. Olam tuzilishi haqida maktab darsligi Qurondan ko'proq va aniqroq axborot beradi.

Quronda ochiq qilib, «olam shunday tuzilgan,» deyilmasa ham, undagi ishoralardan yuqoridagi manzara kelib chiqadi. Bu manzara olam haqida 7-asr Arabistonida tarqalgan mifologik qarashlarga mos kelishi ajablanarli emas.

Qurondagi butun olam yer va uning ustiga o'rnatilgan gumbazlardangina iborat tor joydir. Galaktikalar, yulduz tizimlar, kosmik fazo degan qamrovlar yo'q.

Yer ustma-ust taxlangan yetti yassi diskdan, osmon esa bir-biriga kiydirilgan yetti gumbazdan iborat. Quyosh, Oy, yulduz va sayyoralar kabi osmon jismlari esa mayda chiroqlar bo'lib, eng ichki gumbazga taqilgan. Quyosh loyqa suvga tushib, yer ostiga kirib ketsa, Allohdan ertaga yana qaytib chiqishga ruxsat so'raydi. Jannat tepadagi gumbazlarda, do'zax esa yer ostida joylashgan.

Va bularning bari ustida Allohning taxti turgan kosmik dengiz ostida yotar ekan.

Qarang

Ingliz tilida

Tarjimalar

  • Bu sahifa shuningdek bu tillarda ham mavjud: inglizcha. Boshqa tillar uchun chapdagi panelga qarang.